Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida 2017-2018 o‘quv yilini yakunlash va “Qadrdon maktabimiz bag‘rida o‘qib-o‘rganib, doimo izlanib, yangilikka, taraqqiyot cho‘qqilarini egallashga intilib yashaymiz!” nomli tadbirlarini o‘tkazish yuzasidan TAVSIYA

22.05.2018| Yangiliklar

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida 2017-2018 o‘quv yilini yakunlash va “Qadrdon maktabimiz bag‘rida o‘qib-o‘rganib, doimo izlanib, yangilikka, taraqqiyot cho‘qqilarini egallashga intilib yashaymiz!” nomli tadbirlarini o‘tkazish yuzasidan  
TAVSIYA

Bugungi yoshlar mustaqil O‘zbekistonning kelajagi, poydevori, tayanchi va suyanchi hisoblanadi. zero, bugungi kun barkamol avlodlari qanchalik ma’naviy jihatdan barkamol, yetuk, salohiyatli insonlar bo‘lib voyaga yetsalar, ularning har birida or-nomus, milliy g‘urur ruhi keng shakllanib borsa, ko‘zlangan yuksak taraqqiyot sari, shu qadar komilu ishonch bilan ilgarilab boraveramiz, ularning millat, xalqning kamoloti uning oltinu kumushlari, duru javohirlari bilan emas, balki uning olimu fuzalolari, donishmandlari va albatta, fidokor, sadoqatli, bilimli, kuchli farzandlari bilan baholanishiga shunchalik ishonch hosil bo‘laveradi.

Bugungi kunda qilinayotgan barcha yaxshi va xayrli ishlar, ezgu niyatlar kelgusi avlod barkamolligi uchun xizmat qilishi shubhasiz. Zero, bugun qanday ko‘chat eksak, ertaga shu ko‘chat mevasini olamiz. Yosh avlodni el-yurtga, Vataniga sodiq, iymon-e’tiqodli, mard va jasur, ma’nan boy, aqlan yetuk, jismonan baquvvat insonlar qilib tarbiyalashda umumta’lim maktablarining alohida o‘rni bor.

Zero, Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, “Dunyoda eng katta boylik-yoshlikda olingan bilim va egallangan kasb-hunardir”. Yoshlarimizning olgan bilimlari va egallagan kasb-hunarlari kelajakda nafaqat o‘zlarining yo‘llarini topishda, balki yurtimizning ham ravnaq topishida ulkan ahamiyat kasb etadi.

O‘quvchilarning yozgi ta’tilga chiqishlari oldidan tarbiyaviy mashg‘ulotlarning talab darajasida o‘tkazilishi va uyga topshiriqlar berilishi ham yuqoridagi fikrlar asosida ta’lim va tarbiyaning uyg‘unlikda olib borilishini ko‘zda tutadi. O‘quvchi yil davomida egallagan bilimini yozgi ta’til davomida ham turli ko‘rinishdagi jismoniy va aqliy mashg‘ulotlar, tadbirlar asosida takrorlab, mustahkamlab boradi.

Misol tariqasida oladigan bo‘lsak, 1-4-sinflarda “Yozgi ta’til – bir yilga ta’tir”, 5-6-sinflarda “Foydali va maroqli dam – ko‘ngilga hamdam!”,
7-8-sinflarda “Kitob o‘qish -ma’naviy komillik belgisi”, 9-10-sinflarda “Mening kelgusi rejalarim” kabi “Tarbiyaviy soat” mashg‘ulotlari mazmunida: ta’til davrida kattalardan ajralmaslik, cho‘milish ruxsat etilgan suv havzalarida cho‘milish jarayonida ehtiyot choralarni ko‘rish, ota-onalariga uy ishlarida ko‘maklashish, she’riy va badiiy adabiyotlar mutolaa qilish kabi topshiriqlar beriladi. Shu mazmunda, ota-onalar o‘rtasida ham tushuntirish ishlari olib borish maqsadga muvofiq. Bunda:

  • ta’til davrida farzandlarning doim yoshi kattalar nazoratida bo‘lishini ta’minlash;
  • sog‘liqqa zarar keltiruvchi ishlar bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘ymaslik;
  • ta’til davomida bolalarning foydali ishlar bilan shug‘ullanishlarini tashkil etish;
  • yozgi oromgohlarda dam olishlari uchun sharoitlar yaratish;
  • bo‘sh vaqtlarini turli to‘garaklar va sport seksiyalarida mazmunli o‘tkazishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish; 
  • ta’til yakunida bolalarning taassurotlari haqida og‘zaki va yozma bayon qilishlariga erishish lozim.

O‘quv yili oxirida o‘tkaziladigan tantanali saflanish tadbiri o‘quvchilar, ota-onalar, o‘qituvchilar uchun ham nihoyatda esda qolarli, hayajonli damlarni hadya etadi. Tadbir mohiyatini targ‘ib etishda, o‘quvchilarni ijtimoiy hayotga tayyorlash, ma’naviy-ma’rifiy rivojlantirishga yo‘naltirish maqsadga muvofiqdir.

Ta’lim muassasalarida tantanali saflanish tadbiri dasturini tuzishda Xalq ta’limi vazirining 2018 yil 16 maydagi “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida 2017-2018 o‘quv yilini yakunlash va “Qadrdon maktabimiz bag‘rida o‘qib-o‘rganib, doimo izlanib, yangilikka, taraqqiyot cho‘qqilarini egallashga intilib yashaymiz”  tadbirlarini o‘tkazish to‘g‘risida”gi 125-sonli buyrug‘i asosida ishlab chiqilgan mazkur tavsiyaga ijodiy yondashgan holda samarali foydalanish lozim bo‘ladi.

  1. Tadbir dasturni ishlab chiqish. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ham ishtirok etishini inobatga olib, dasturni 50-60 daqiqaga mo‘ljallash, tadbirni tartibli o‘tkazish uchun mahalla fuqarolar yig‘inlari, ota-onalar, huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari bilan hamkorlik qilish, sanitariya-gigiena, yong‘in va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilish zarur.
  2. Hududni bezatish. Tadbir o‘tkaziladigan joyni gul va sharlar bilan bezatish, maktab hududiga quyidagi shior va chaqiriqlarni ilib qo‘yish tadbir ta’sirchanligini oshiradi:

Zamonaviy bilimlar bilan zamonaviy kasb-hunarga ega bo‘lamiz!, Sog‘lom bola – yurt tayanchi!, Sog‘lom bola – kelajak poydevori!, Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!, Kim bilsa mukammal bir – necha tilni, ilmda, bilimda qirq yorar qilni!, Ilm bilan umrin o‘tkazadi kim, eshiklarin ochar jamiki tilsim!, Ilm – katta boylik, ilm – simu zar, ilm bilan bezar, umrini bashar!, Buyuk yurtning munosib farzandlari, Dunyoda eng katta boylik-yoshlikda olingan bilim va egallangan kasb-hunardir! va boshqalar.

Shuningdek, yil davomida to‘garaklarda o‘quvchilar yaratgan buyumlar, devoriy gazeta, tuman (shahar), viloyat hamda respublika ko‘rik-tanlovi, fan va sport musobaqalarida maktab jamoasi, o‘quvchilar egallagan sovrinlardan iborat ko‘rgazmalarni tashkil etish mumkin.

  1. Tadbirning ochilish qismi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi sadolari ostida davlatimiz bayrog‘i ko‘tariladi. Ishtirokchilarning o‘ng qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, madhiyamizni jo‘r ovoz bo‘lib ijro etishi o‘quvchilar qalbida vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantiradi.  Muassasa rahbari so‘zga chiqib o‘quvchi va ota-onalarni tabriklab, 2017-2018 o‘quv yilini yakunlanishi, joriy etilayotgan 11 yillik umumiy o‘rta ta’lim tizimining mazmun-mohiyati, yangi o‘quv yilidan boshlang‘ich sinflarda haftasiga 5 kunlik o‘qush jarayoniga o‘tilishi, yoshlar ongida Vatanga muhabbat, keksa avlod vakillariga hurmat, tinchlik va osoyishtalikka daxldorlik tuyg‘ularini kuchaytirish kerakligi to‘g‘risida o‘quvchilar, ota-onalar, mahalla va keng jamoatchilikka tushuncha bergan holda tadbirni ochib beradi.
  2. O‘quvchilarni rag‘batlantirish. Yil davomida a’lo baholarga o‘qigan, yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan iqtidorli o‘quvchilarni taqdirlash tadbir saviyasini oshiradi. Xususan, “Eng a’lochi o‘quvchi”, “Eng ibratli o‘quvchi”, “Eng faol o‘quvchi”, “Ijodkor o‘quvchi”, “Ingliz tili bilimdoni”, “Yosh ixtirochi”, “Maktabimiz faxri”, “Sport ustasi”, “Kompyuter bilimdoni”, “Eng orasta qiz” kabi nominatsiyalarni ta’sis etib, ularga munosib bo‘lgan o‘quvchilarga faxriy yorliq, budjetdan tashqari ishlab topilgan va homiy mablag‘lari hisobidan  sovg‘a, sinfdan tashqari to‘garaklarda tayyorlangan nishonlar bilan taqdirlash mumkin. Kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, jismoniy imkoniyati cheklangan bolalarga alohida e’tibor ko‘rsatish tavsiya etiladi.
  3. Ota-onalarga tashakkurnoma bildirish. Maktab hayotida faol ishtirok etayotgan, odob-axloqi, intiluvchanligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan o‘quvchilarning ota-onasini ma’naviy rag‘batlantirish ta’lim-tarbiya sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu maqsadda ularga Xalq ta’limi vazirligi, hududiy xalq ta’limi boshqarmalari, tuman (shahar) Xalq ta’limi bo‘limlari va maktab direktorlari nomidan tashakkurnoma bildiriladi. Ushbu sharafga munosib ota-onalar ro‘yxati sinf rahbarlari va direktor o‘rinbosarlari tavsiyasi asosida shakllantiriladi.
  4. O‘quvchilarni qutlash. O‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari tantanali saflanish tadbiri ishtirokchilarini tabriklaydi, o‘quv yili davomida va a’lo baholarga o‘qigan, namunali xulqqa ega bo‘lgan, bosqichli nazorat imtihonlardan  ozod bo‘lgan iqtidorli o‘quvchilarni faxriy va maqtov yorliqlari bilan taqdirlaydi.

O‘quvchilarning bosqichli nazorat hamda yakuniy davlat attestatsiyasi imtihonlarini topshirish jarayonini shaffofligini ta’minlash haqida gapirishi maqsadga muvofiqdir.

Shundan so‘ng, Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari so‘zga chiqib, o‘quvchilarni tabriklaydi hamda quyidagi tushunchalarni beradi:

  • - 11 yillik umumiy o‘rta ta’lim tizimining mazmun-mohiyatini o‘quvchi-yoshlarga tushuntirish;
  • - o‘quvchilarga ta’til kunlarida amal qilinishi lozim bo‘lgan texnika va boshqa xavfsizlik qoidalari,xususan, yoz mavsumida suv havzalarida cho‘milish, yo‘l harakati qoidalariga qat’iy amal qilish, yovvoyi va uy hayvonlari bilan muomalada ehtiyotkor bo‘lish yuzasidan tushunchalar beradi.

Ota-onalar so‘zga chiqib, ulkan bunyodkorlik ishlari natijasida yurtimiz qiyofasi tubdan o‘zgarib, shahar va qishloqlarimiz yanada obod bo‘lib borayotganini aniq va ta’sirchan hayotiy misollar yordamida so‘zlab berishadi.

Shundan so‘ng, so‘z navbati maktab o‘quvchilariga beriladi. Ular o‘zlariga bildirilayotgan yuksak ishonchni oqlash maqsadida kelgusida qaysi kasb-hunarni egallab, davlatimiz va jamiyatimiz taraqqiyotiga qanday hissa qo‘shishi lozimligi, orzu-istaklari va o‘qituvchilariga minnatdorchilik qiladilar.

  1. Tantanali qismni yakunlash. Maktab rahbari o‘quvchilarga sinfdan-sinfga ko‘chirish bosqichli nazorat imtihonlariga va 9-sinf o‘quvchilariga yakuniy davlat attestatsiya imtihonida, qolgan sinflarga nazorat imtihonlarida muvaffaqiyatli topshirishga omadlar tilab, rasmiy tadbirni yakunlaydi.
  2.    Ushbu tadbirlarda o‘quvchi va bitiruvchilardan pul yig‘ish, maktab rahbarlari hamda o‘qituvchilarga qimmatbaho sovg‘alar taqdim etish, xonadon, restoran, va qahvaxonalarda tantanali kechalar o‘tkazish maqsadga muvofiq emas. Buni maktab rahbarlari o‘z nazoratlariga olishlari lozim.