Vazirlar Mahkamasining qarori amalda

21.09.2018| Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish Davlat qoʻmitasining 2018 yil 20 sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 14 iyuldagi 14/1-476-sonli “Taʼlim muassasalarida ekologik tarbiya va atrof-muhitni muhofaza qilishga yoʻnaltirilgan bilimlarni targʻib qilish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi”ga muvofiq Maktabgacha taʼlim muassasalari, Xalq taʼlimi tizimi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimlarida ekologik taʼlimga eʼtibor qaratish, mazkur sohaga oid bilimlarni keng targʻib qilish yuzasidan amalga oshirilgan ishlarni muhokama qilishga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi.

Ushbu yigʻilish Qoʻmitaning Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazida oʻtkazildi. Unda Oliy va oʻrta maxsus taʼlimi vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi Respublika taʼlim markazi “Aniq va tabiiy fanlar” boʻlimi metodisti I.Saparboyev, Maktabgacha taʼlim vazirligi vakillari va Qoʻmitaning EKO markaz direktori, Markazning nashriyot boʻlimi boshligʻi ishtirok qilishdi.

Hozirgi kunda Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufidagi umumtaʼlim maktablarida ekologiya va tabiatni muhofaza qilish masalalari fanlar tarkibida integratsiyalashtirib oʻrganilayotganligi va oʻqituvchilar fan yoʻnalishlari boʻyicha mashgʻulotlarni tashkil etishga tayyorgarlik koʻrishlari, zamon talablari asosida dars ishlanmalarini tayyorlashlari jarayonida mazkur masalani eʼtiborga olishi, oʻquvchilarga taʼlim-tarbiya berishni tashkil etib borishi yuzasidan tavsiyalar muhokama qilindi.

Shuningdek, kelgusida umumtaʼlim maktablarida ekologiya va atrof- muhitni muhofaza qilish boʻyicha darslarni tashkil etish masalalari va joylarda oʻquvchi yoshlarimizning ekologik madaniyatini yanada yuksaltirishga bagʻishlangan seminar-treninglarni muntazam oʻtkazib borish vazifalari belgilandi.