Xalq taʼlimi tizimida fransuz tilini rivojlantirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar

24.09.2018| Yangiliklar

Mamlakatimizni har bir sohada tubdan modernizatsiya qilish islohotlari jarayonida taʼlim sohasida ham koʻplab yangiliklar qilinmoqda, taʼlim sifatini jahon standartlari darajasiga koʻtarishning yangi bosqichini bosib oʻtmoqdamiz. Chet tillari fanlari boshqa fanlardan farqli oʻlaroq ushbu jarayonni ancha avval boshlagan desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi prezidentining 2012 yil 10 dekabrda qabul qilingan “Chet tillarni oʻrganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-1875-sonli qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 4 iyuldagi 421-F-sonli farmoyishiga muvofiq chet tillarining “Umumevropa kompetensiyasi” (CEFR) asosida uzluksiz taʼlim tizimining Davlat taʼlim standarti va oʻquv dasturlari tasdiqlanib, umumtaʼlim maktablarining 1-,2-,3-,4-sinflar uchun fransuz tili fanidan “Hirondelle” hamda 5-sinflar uchun “Bonjour la France” nomli darslik majmualar (darslik, oʻqituvchi uchun metodik qoʻllanma, mashq daftari va multimedia ilovasi) tili oʻrganilayotgan mamlakatlar tajribalari asosida mahalliy mualliflar tomonidan boqichma-bosqich yaratilib, taʼlim jarayoniga tadbiq etildi.

Ushbu darslik majmualar katta nusʼhada chop etilishidan oldin oʻquv yilining 3-choragi davomida tajriba-sinovdan oʻtkazilib, kamchiliklari bartaraf etilgach nashrga tavsiya qilnidi.

Hususan, Mazkur darslik majmualari boʻyicha tajriba-sinov ishlari Respublikaning 130 ta umumtaʼlim maktablari hamda 5 ta XTV tasarrufidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktablarida olib borildi.

Jarayon davomida hududlardagi chet tili fani metodistlari tomonidan darslik majmualardagi aniqlangan xato va kamchiliklar, ularni takomillashtirish yuzasidan taklif va mulohazalar umumlashtirilgan holda tahliliy xulosalar taqdim etib kelingan. Ushbu xulosalar Respublika taʼlim markazi chet tili fan metodisti tomonidan tahlil qilinib, asosli deb topilganlari darslik majmualar mualliflari, nashriyot xodimlari hamda Multimedia umumtaʼlim dasturlarini rivojlantirish markaziga taqdim etildi. Shu asosda darslik majmualari yanada takomillashtirilib, xato va kamchiliklar bartaraf etilgan holda nashr etildi. 2018-2019 oʻquv yili uchun 5-sinf fransuz tili darslik majmuasining mantiqiy davomi sifatida 6-sinflar uchun “Voyage en France” nomli darslik majmualar (darslik, oʻqituvchi uchun metodik qoʻllanma va multimedia ilovalari) 70% gacha oʻzgartirish kiritilgan holda qayta nashrga tayyorlandi va nashrga tavsiya etildi hamda ular hozirgi kunda bolajonlarimiz qoʻlidagi sevimli darsliklardan biri boʻlib xizmat qilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirligi hamda Fransiyaning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda fransuz tili boʻyicha umumtaʼlim maktalablari oʻquvchilar uchun yaratilayotgan darslik majmualarni takomillashtirish ustida ishlash maqsadida 2016 yilning 4-7 aprel kunlari Respublika taʼlim markazida Fransiya Respublikasi Bezanson til markazi eksperti Elen Vantye tomonidan amaliy seminar oʻtkazildi. Mazkur seminarda fransuz tili darslik majmualarining mualliflari hamda mazkur majmualarni tajriba-sinovdan oʻtkazish jarayonida bevosita ishtirok etgan oʻqituvchilar ishtirok etishdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 25 iyuldagi 803-sonli Farmoyishi ijrosini taʼminlash maqsadida umumtaʼlim maktablarining 10-11-sinflarini tashkil etilishi munosabati bilan mualliflar va nashriyot hodimlari bilan hamkorlikda fransuz tili fanlaridan 2018-2019 oʻquv yili uchun yangi nashr etilishi rejalashtirilgan 11-sinf darsliklarini yaratish ishlari olib borildi. Darsliklar 2017-2018 oʻquv yili uchun fransuz tili fanidan nashr etilgan “Français” nomli 10-sinf darsliklari kabi mavzular boʻlimlarga ajratilgan holda unga mustaqil ish va takrorlashlar, nazorat ishlari uchun materiallar bilan boyitilgan. Darslikda lugʻat qismi mavjud boʻlib, unga koʻra oʻquvchilar V1 darajada 11-sinfda oʻrganishlari lozim boʻlgan leksik birliklar kiritilgan. Bundan tashqari, darslikning soʻnggi sahifalarida “Portfolio” boʻlimi kiritilgan boʻlib, bu oʻquvchilarning darsdan tashqari mustaqil ravishda oʻtilgan mavzularni mustahkamlashlariga xizmat qiladi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 12 yanvardagi 2-sonli Rayosat yigʻilishi bayonining “Oʻzbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi oʻrtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 3.4-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida 2015-2017 oʻquv yili davomida fransuz tilini chet tili sifatida oʻqitish metodikasi boʻyicha mutaxassis Elodi Ressush boshchiligida trener oʻqituvchilarni tayyorlash boʻyicha 4-bosqichdan iborat “Oʻqituvchilikdan - trenerlikka” deb nomlangan seminarlar tashkil etildi. Mazkur seminarning yakuniy bosqichi 2017 yilning 4-7 aprel kunlari boʻlib oʻtdi.

Mazkur seminarda Respublikamizning barcha viloyatlaridan 50 ga yaqin tajribali fransuz tili oʻqituvchilari ishtirok etdilar. Oʻquv-seminarda oʻqituvchilar fransuz tili oʻqitilishida turli xil usullarning nazariyasini amaliyot bilan bogʻlash, darslikdan tashqari xujjatlar bilan ishlash, oʻrganilgan materiallarni amaliyotda tadbiq etish, oʻqituvchilikdan trenerlikka oʻtish afzalliklari, grammatikani oʻrganish va oʻrgatish yoʻllari hususida foydali mashgʻulotlar olib bordilar.

Seminar soʻngida ishtirokchilarga trener oʻqituvchilarni tayyorlash boʻyicha “Oʻqituvchilikdan - trenerlikka” deb nomlanuvchi malaka oshirish seminarida ishtirok etganliklari toʻgʻrisidagi sertifikatlar bilan taqdirlandilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 25 martdagi “Umumtaʼlim muassasalarining chet tillar oʻqituvchilari malakasini va kasb-mahoratini oshirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 67-sonli qarorining ijrochilari sifatida oʻz hududlarida tayanch maktablar bazasida oʻquv-seminarlar tashkil etgan holda hamkasblarini oʻqitmoqdalar.

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Fransiya Respublikasining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim vazirligi hamda Xalq taʼlimi vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi bilan hamkorlikda 2017 yilda “Boʻston” sanatoriyasida, 2018 yil Jizzax pedagogika intitutida Fransiyadan kelgan mutaxassislar boshchiligida “Yozgi Universitet” malaka oshirish seminarlari boʻlib oʻtdi. Ushbu seminarlarda 120 ga yaqin Oliy taʼlim muassasalari, oʻrta-maxsus taʼlimi muassasalari va umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining ilgʻor ish tajribaga ega fransuz tili oʻqituvchilari va metodistlari, turizm yunalishidagi mutaxassislar ishtirok etishdi. Seminar ishtirokchilarining turar-joy va oziq ovqat xarajatlari tashkilotchilar yaʼni, Fransiya Respublikasining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tomonidan qoplandi. Fransiyadan kelgan mutaxassislar tomonidan “Fransiyaning zamonaviy adabiyoti”, “Turizm saloxiyati va madaniyatini oshirish”, “DЕLF-DALF darajasiga ega oʻqituvchilarning bilim saviyasini yanada oshirish”, ʻOgʻzaki va yozma nutqda fransuz tilining qoʻllanilishiʻ, “Ogʻzaki nutq madaniyatini rivojlantirish”, “Teatr”, “Fransiyaning zamonaviy musiqasi” mavzularida seminar mashgʻulotlari oʻtkazildi.

Seminar doirasi turli davra suhbatlari, munozaralar va interfaol usuldagi mashgʻulotlar olib borildi.

Unda Fransiya ilm-fan taraqqiyoti, madaniy va maʼrifiy hayoti, taʼlim tizimi va unda chet tillarining oʻqitilishi keng muhokama qilinishi bilan birga, Oʻzbekistonnnig boy tarixiy boyliklari, taʼlimdagi olib borilayotgan katta islohotlar ham mashgʻulotlar orqali namoyish etildi.

Oʻquvlarning asosiy gʻoyasi boʻlgan fransuz tilining oʻqitilishi, oʻrganish va oʻqitishning asosiy metodik jihatlari trenerlar tomonidan taqdimotlar va turli innovatsiyaviy metodikalar orqali tanishtirilib, mashgʻulotlar davomida mustahkamlandi.

Seminar soʻngida ishtirokchilar fransuz tilini chet tili sifatida oʻqitish metodikasi boʻyicha fransiyalik mutaxassislar boshchiligida tashkil etilgan 25 soatlik malaka oshirish mashgʻulotlarida ishtirok etganliklari toʻgʻrisidagi sertifikatlar bilan taqdirlandilar.

2018 yilning 19-27 parel kunlari Oʻzbekiston-Fransiya hamkorlik rejalari doirasida Xalq taʼlimi vazirligi hamda Toshkent shahridagi Fransuz Alyansi bilan hamkorlikda Toshkent shahri va Buxoro viloyatlarida xalqaro toifadagi trener oʻqituvchi An-Mari Polo boshchiligida umumtaʼlim maktablarida faoliyat yuritayotgan fransuz tili oʻqituvchilari uchun fransuz tili darslarida oʻyinlardan foydalanishga yoʻnaltirilgan amaliy oʻquv-seminari tashkil etildi.

Trener oʻqituvchi An-Mari Polo oʻquv mashgʻulotlarida oʻyinlardan qanday usulda foydalanish, uning oʻrni, ulardan darsning asosan qaysi qismida foydalanish kerakligi, oʻyin – bu oʻquvchi uchun eng qiziqarli mashgʻulot turlaridan biriligi va oʻqituvchi nima uchun dars jarayonidan oʻyindan foydalanishi zarurligi haqida maʼlumotlar berib oʻtdi.

Seminar mashgʻulotlarining birinchi kuni An-Mari Polo- ning oʻzi tomonidan joriy etilgan 50 ga yaqin oʻyinlarning dars jarayonida olib borilishi, ular orqali oʻquvchilarda tinglab tushunish, gapirish, yozish va oʻqish kabi nutq faoliyati turalarini rivojlantirish, oʻquvchilarda eslab qolish, yaratuvchanlik, ijodkorlik va ishtiyoqni oshirishga qaratilgan amaliy mashgʻulot oʻtkazildi.

Seminar soʻngida barcha ishtirokchilarga Fransiyaning Oʻzbekistondagi til hamkorligi boʻyicha attashesi Sofi Jint va Toshkendagi Fransiya Alyansi rahbari Dilshod Ahmedovlar tomonidan seminarda ishtirok etganligi toʻgʻrisidagi sertifikatlar taqdim etildi.