Fargʻonada fransuz tili fani oʻqituvchilari uchun Respublika oʻquv-amaliy seminari oʻtkazildi

09.11.2018| Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlim vazirligining 2018 yil 24 oktyabrdagi 04-02-03-1781-sonli xati ijrosini taʼminlash maqsadida Fransiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda Fargʻona shahar Xalq taʼlimi boʻlimi tasarrufidagi 3-umumiy oʻrta taʼlim maktabida 2018 yil 5-9 noyabr kunlari fransuz tili fani oʻqituvchilari uchun Respublika oʻquv-amaliy seminari oʻtkazildi. Mazkur seminarda jami 65 nafar Fargʻona, Andijon, Namangan viloyatlari umumiy oʻrta taʼlim maktablarida faoliyat olib borayotgan fransuz tili fani oʻqituvchilari ishtirok etishdi. Mashgʻulotlar ikki guruhga boʻlingan holda 5-6 noyabr kunlari Fargʻona viloyati fransuz tili fani oʻqituvchilari hamda 7-8 noyabr kunlari Andijon va Namangan viloyatlari fransuz tili fani oʻqituvchilari uchun oʻquv mashgʻulotlari tashkil etildi.

Mashgʻulotlarni Fransiyaning Monpelye shahrida faoliyat yurituvchi fransuz tili fani oʻqituvchisi Mari-Kler Alberjel olib borib, “Darslikdan tashqarida” mavzusi asosida tayyorlangan 12 soatlik dasturini fransuz tili fani oʻqituvchilari uchun taqdim etdi.

Seminar ishtirokchilari 3 mahal bepul issiq ovqat, yotoq joy bilan taʼminlandi hamda mashgʻulotlarga qatnash uchun avtobus ajratildi. Ishtirokchilar tomonidan Mari-Kler Alberjel Fargʻona viloyatining diqqatga sazovor va tarixiy joylari bilan tanishtirildi.

2018 yil 8 noyabr kuni Mari-Kler Alberjel, Fransiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi Til va madaniyat ishlari boʻyicha attashesi Sofi Jint hamda seminar mashgʻulotlarida ishtirok etgan Fargʻona, Andijon, Namangan viloyatlari fransuz tili fani oʻqituvchilari ishtirokida Respublika oʻquv-amaliy seminarining yopilish marosimi oʻtkazildi.

Dastlab maktab oʻquvchilari tomonidan “Men fransuzcha gapiraman” mavzusida tadbir ishtirokchilar va mexmonlar eʼtiboriga havola etildi. Tadbirda fransuz tilida sheʼr va qoʻshiqlar, kichik sahna koʻrinishlari namoyish etildi.

Tabdir yakunida Sofi Jint va Kler Alberjellar tomonidan seminarda ishtirok etgan oʻqituvchilarga sertifikatlar topshirildi.