Akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumtaʼlim maktablari oʻquvchilarining umumtaʼlim fanlari boʻyicha Respublika olimpiadasining IV bosqichi birinchi kuni oʻtkazilish jarayoni haqida

08.06.2019| Yangiliklar

Bugun 8-iyun kuni Toshkent qurilish va milliy hunarmandchilik kolleji binosida Akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablari o`quvchilarining umumta’lim fanlari bo`yicha Respublika olimpiadasining IV bosqichi I turi bo`yicha yozma ishlar bo`lib o`tdi. Olimpiadaning IV bosqichida jami 1059 nafar (612 nafar umumta’lim maktablaridan, 447 nafar akademik litsey va kasb-hunar kollejlardan) o‘quvchi ishtirok etishi belgilangan. 18 ta fan bo`yicha fan olimpiadalarining respublika bosqichiga yo`l olgan o`quvchilar g`oliblik uchun kurashishmoqda.

Bu yilgi o`tkazilayotgan fan olimpiadasining o`ziga xos jihatlari mavjud bo`lib, bular:

birinchidan, umumta’lim maktablarining 11-sinf o`quvchilari ham ishtirok etishmoqda;

ikkinchidan, olimpiadaning shaffof va adolatli o`tishini ta’minlash maqsadida katta sport zali, faollar zali hamda katta hajmdagi foyelarda o`tkazilmoqda;

uchinchidan, hakamlar hay’ati a’zolari tarkibida teng miqdorda umumiy o`rta ta’lim maktablari, akademik litsey, kasb-hunar kollejlari hamda oliy ta’lim muassasalarining professor-o`qituvchilari jalb etilgan;

to`rtinchidan, olimpiada o`tkazish jarayonlari to`g`ridan-to`g`ri onlayn tarzda translyatsiya qilinmoqda va ota-onalar olimpiada jarayonlarini kuzatib borishmoqda

beshinchidan, olimpiada topshiriqlarining amaldagi va xalqaro olimpiadalar standarti materiallari talablari asosida tayyorlanganligi alohida ahamiyat kasb etmoqda.

oltinchidan, olimpiada jarayonlarini ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritilmoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 3-may kuni imzolangan “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlarni tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori iqtidorli yosh avlodni kashf etish va ularni qo`llab-quvvatlashdek ulug` maqsadni ko`zda tutadi.

Barcha g`oliblik uchun kurashayotgan ishtirokchilarga omad yor bo`lsin.