Ta’lim muassasalarida 9-may — “Xotira va Qadrlash kuni”ni nishonlash yuzasidan metodik tavsiya

27.04.2018| Yangiliklar


 

Yurtimizda xalqimiz o‘tmishini o‘rganish, ajdodlarimiz ruhini yod etish, ulardan bizga qadar yetib kelgan moddiy va nomoddiy merosni asrash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Har yili nishonlanadigan 9-may — Xotira va Qadrlash kunida xuddi shunday voqelikning yaqqol ifodasini ko‘rishimiz mumkin. Bu bayramni ko‘tarinki ruhda nishonlashga xalq ta’limi tizimida katta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Ikkinchi jahon urushida fashizmga qarshi kurashda mardlarcha halok bo‘lganlar, bugungi kunda ulug‘ yoshga yetib, keksalik gashtini surayotgan sobiq jangchilar, mustaqillik yillarida o‘z xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xotirasini abadiylashtirish, faxriylarga hurmat ko‘rsatish, o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida mehr-oqibat, hamjihatlik, insoniylik, bag‘rikenglik va xayr-saxovat muhitini yana ham mustahkamlashda bu bayramning ta’siri katta. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-apreldagi “Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Xalq ta’limi vazirligining tegishli buyrug‘i qabul qilindi. Shu asosda Respublika ta’lim markazi tomonidan ta’lim muassasalarida Xotira va Qadrlash kuni tadbirlarini mazmunli o‘tkazish yuzasidan tavsiyalar tayyorlandi. 

Unga ko‘ra, barcha ta’lim muassasalarida: 

— 9-may — Xotira va Qadrlash kunini ko‘tarinki ruhda o‘tkazishga qaratilgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’rifiy tadbirlar rejasini ishlab chiqish; 

— ta’lim muassasalarini mavzuga mos shior va stendlar bilan bezatish; 

— nafaqat umumta’lim maktablari, balki maktabdan tashqari ta’lim muassasalarida ham bu kunni esda qoladigan tarzda nishonlash, qishloq, mahalla, ovullarda urush qatnash¬chilari, mehnat faxriylari bilan “Qahramonlik, burch va fidoyilik” hamda “Ajdodlarni xotirlash — muqaddas qadriyat” shiorlari ostida uchrashuvlar, adabiy kechalar o‘tkazilish; 

— Xalq ta’limi vazirligining 2015-yil 26-fevraldagi 48-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Hushyorlik va ogohlik — davr talabi!” nomli yo‘riqnomaga qat’iy amal qilish, bayram tadbirlari davomida navbatchilikni qayd etish daftarini muntazam yuritish, xavfsizlik qoidalariga rioya qilish, tadbirlarni bevosita ta’lim muassasasi rahbari boshchiligida o‘tkazish tavsiya etiladi.